Welcome to sirstat.uz   Click to listen highlighted text! Welcome to sirstat.uz Powered By GSpeech

Diqqat !!! Hisobotlarni topshirish uchun stat.uz saytidan eStat 3.0 dasturini yuklab oling !!!

 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahri Qorasuv massivida qurilayotgan zamonaviy aholi massivini borib koʻrdi.

Prezidentimiz mamlakatimiz hududlariga tashriflari chogʻida eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalar qatori aholi uchun qulay yashash sharoiti yaratishga alohida eʼtibor qaratadi. Samarqand viloyatida ham keyingi yillarda bu borada salmoqli ishlar qilinmoqda.
 
Jumladan, Samarqand shahri aholisining uy-joyga ehtiyoji yuqoriligini inobatga olib, 2018 yilgi dasturga qoʻshimcha ravishda koʻp qavatli arzon uylar qurish kiritilgan edi. Shunga muvofiq, Samarqand tumani Qorasuv massividan Samarqand shahri uchun 50 gektarga yaqin yer ajratilib, keng koʻlamli bunyodkorlik-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
 
2018 yilning oʻzida “Oʻzshaharqurilishinvest” injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida jami 1 ming 344 xonadondan iborat 32 ta 7 qavatli koʻp qavatli arzon uy barpo etildi. Bundan tashqari, “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi tomonidan Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya xizmatchilari va yosh oilalarga moʻljallangan 5 qavatli 12 ta turar joy qurib, foydalanishga topshirildi.
 
Shu bilan birga, hududda xususiy bogʻcha, shahar ichki ishlar boʻlimi, savdo va maishiy xizmat majmuasi, “Registon” supermarketi qurib bitkazildi. 540 oʻrinli umumtaʼlim maktabi qurilishi yakunlanmoqda.
 
Shu tariqa bu yerda qisqa fursatda zamonaviy aholi massivi qad rostladi. Yangi uylarda odamlarning hayotdan rozi boʻlib yashashi uchun barcha qulayliklar eʼtiborga olingan. Har bir xonadon individual isitish qozonlari bilan taʼminlangan. Uylar oldida bolalar oʻyin maydonchalari barpo etilgan.
 
Davlatimiz rahbari Jasur Tursunqulov va Jamshid Kattaqulovlar oilalari koʻchib kirgan yangi xonadonlarni kirib koʻrdi, uy sohiblari bilan suhbatlashdi. Aholini arzon uy-joy bilan taʼminlashga eʼtibor bundan keyin ham kuchaytirilishini taʼkidladi.
 
Shu yerda Qorasuv massivida 2019 yilda foydalanishga topshiriladigan uylar loyihalari, jumladan, “Agromir bildings” kompaniyasi tomonidan Turkiyaning zamonaviy texnologiyasi asosida monolit usulida barpo etilayotgan koʻp qavatli turar joylar taqdimotlari oʻtkazildi. Mazkur uylarning afzalligi tez va sifatli barpo etiladi. Masalan, 16 qavatli uyni bir oyda qurib bitirish mumkin, zilzilabardoshligi ham yuqori.
 
Joriy yilda “Oʻzshaharqurilishinvest” injiniring kompaniyasi tomonidan yangi massivda 7 qavatli 12 ta, “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi buyurtmasiga muvofiq 7 ta uy qurilishi jadal olib borilmoqda.
 
Prezidentimiz ushbu uylarni tez muddatda qurib bitirib, odamlarni oʻrgatish kerakligini taʼkidladi.
 
– Samarqand turizm markazi boʻlishi kerak. Shuning uchun bu yerda koʻp qavatli uylar qurilishini koʻpaytiramiz. Shahar markazida eng zamonaviy talablarga javob beradigan uylar qurilib, aholini taʼminlaymiz. Uylar bilan birga muhandislik tizimlari, infratuzilmalar ham rivojlantiriladi. Uylarni qurishdan oldin uning egasi, qaysi qavatda, necha xonali uyda yashashigacha aniq boʻlishi lozim, – dedi davlatimiz rahbari.
 
Samarqand seysmik jihatdan ham qulay hududda joylashgani bois kelajakda viloyatning Kattaqoʻrgʻon, Urgut, Paxtachi, Narpay, Qoʻshrabot tumanlari markazlarida ham koʻp qavatli uylar qurilishi zarurligi taʼkidlandi.
 
UZA

Мобильное меню

Tugmani bosing Tinglash