29/03/2024

Joriy yilning 29- mart kuni viloyat statistika boshqarmasi tizimida “Huquqiy bilimlar kuni” doirasida Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari ma’lumotlarining milliy bazasi - “Lex.uz”dan olingan, Statistika agentligi hamda Adliya boshqarmasi tomonidan yuborilgan normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi yuzasidan videoaloqa orqali oʻquv mashgʻuloti oʻtkazildi. Unda, boshqarma bosh yuriskonsulti K.Gaynazarova yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar bilan targʻibot materiallari toʻplami (slayd, infografika)dan foydalangan holda tanishtirib, ayrimlarining mazmuniga qisqacha toʻxtalib oʻtdi. Jumladan, 2024- yil 23- fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga respublika hududida internet va aloqa qamrovini kengaytirish uchun sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-912-son Qonuni, 27- fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga bojxona tartib-taomillarini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-913-son Qonuni va boshqa qonun hujjatlari haqida gapirib oʻtdi. Oʻquv mashgʻuloti davomida xodimlarning yangi qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlari yuzasidan fikr-mulohazalari eshitildi.