Joriy yilning 11-iyul kuni Sirdaryo viloyati statistika boshqarmasida jurnalistlar va jamoatchilik vakillari uchun “Statistika tizimida amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida press-tur tashkil etildi.
Press-tur doirasida ishtirokchilarga boshqarma bo‘limlarining kundalik ish faoliyati statistika ma’lumotlarini yig‘ishdan tortib e’lon qilishgacha bo‘lgan to‘liq jarayonlar tanishtirilib, Milliy statistika qo‘mitasi va viloyat statistika boshqarmasining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari, ularning imkoniyatlari haqida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, Milliy statistika qo‘mitasi Axborot va media markazi tomonidan tayyorlangan “Uy xo‘jaliklari tanlanma kuzatuvlari – aholi turmush darajasini aks ettiruvchi muhim statistik manba”, “O‘zbekistonda narx kuzatuvlari va inflyatsiya darajasini shakllantirish”, “Hisobotlar topshirishda tadbirkorlar uchun yanada qulay imkoniyatlar” mavzularidagi videoroliklar namoyish etildi. Ushbu videoroliklar orqali ishtirokchilar statistik jarayonlarning dolzarb yo‘nalishlari, jamiyatdagi ahamiyati haqida yanada chuqurroq tasavvurga ega bo‘lishdi.
Press-tur davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan bevosita javob oldilar.
Press-tur yakunida jurnalist va jamoatchilik vakillari tomonidan ijobiy fikrlar bildirilib, bunday ochiq muloqotlar statistika tizimiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishiga ishonch bildirildi.