22/08/2025

   Joriy yilning 21-avgust kuni Sirdaryo viloyati statistika boshqarmasida Milliy statistika qoʻmitasi tomonidan hududiy statistika organlari xodimlari uchun sayyor o‘quv seminari o‘tkazildi.

   Seminarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-75-sonli qaroriga muvofiq, tadbirkorlarga “Biznes uchun statistika” konsalting xizmatini tashkil etish masalalari atroflicha muhokama etildi. Xususan, seminar ishtirokchilariga tadbirkorlik subyektlari uchun maslahat va axborot-tahliliy ko‘mak ko‘rsatish tizimini joriy etish bo‘yicha Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan “Biznes uchun statistika” konsalting xizmatining konsepsiyasi va mazkur xizmatni ko‘rsatish tartibi tushuntirib o‘tildi.

   Seminarda statistika organlari konsalting xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarini tashkil etish mexanizmlari aniq misollar bilan koʻrsatib o‘tildi va ishtirokchilarning qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar berildi.