Joriy yilning 17-sentabr kuni viloyat statistika boshqarmasi tomonidan oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash maqsadida Guliston davlat universiteti Raqamli iqtisodiyot va innovatsiyalar fakulteti talabalariga “Qiziqarli statistika” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Mazkur davra suhbatida viloyat statistika boshqarmasi bo‘limi mutaxassislari, universitet o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etishdi.
Davra suhbatida dastlab Sanoat va energetika statistikasi bo‘limi boshlig‘i Sh.O‘razaliyev so‘zga chiqib, sanoat va energetika statistikasi koʻrsatkichlarini shakllantirish, sanoat statistikasiga oid atamalar, sanoat ishlab chiqarishi umumiy hajmining statistik hisobini yuritish, sanoat ko‘rsatkichini hisoblash, ularni yig‘ish va tahlil qilish jarayonlari haqida batafsil tushunchalarni berdi. Shuningdek, Inson resurslarini boshqarish bo‘limi boshlig‘i S.Axmedov viloyat statistika boshqarmasining ish faoliyati, yosh mutaxassislarni ishga qabul qilish mezonlari, mavjud vakant lavozimlar va ularga qo‘yiladigan talablar bo‘yicha tushuntirishlar berdi.
Davra suhbati yakunida talabalar tomonidan bildirilgan fikr-mulohaza va takliflar tinglandi, ularni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.
Mazkur uchrashuv statistika organlari va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, yoshlarni sohaga qiziqtirish va ularning bandlik imkoniyatlarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.