21/10/2025

   O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi PF–173-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tuman va shaharlarda “Mahalla yettiligi” vakillari ishtirokida amaliy o‘quv seminarlar tashkil etildi.

   Mazkur mashg‘ulotlar davomida xonadonlarga tashrif buyurilib, aholi bilan suhbatlar o‘tkazildi, ro‘yxatga olish jarayonida so‘rovnomalarni to‘ldirish tartibi, elektron planshetlardan foydalanish, aholini to‘g‘ri xabardor qilish va axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar berildi.

   Amaliy seminarlarda viloyat statistika boshqarmasi mas’ul xodimlari, Guliston davlat universiteti professor-o‘qituvchilari hamda mahalla tizimi vakillari ishtirok etdilar.

   Ular “Mahalla yettiligi” a’zolariga ro‘yxatga olish jarayonini joylarda to‘g‘ri tashkil etish, aholi bilan muloqot madaniyati hamda targ‘ibot-tashviqot ishlarini samarali olib borish bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalarni yetkazdilar.

   Seminarlar amaliy shaklda, ya’ni xonadonlarga tashrif buyurish orqali o‘tkazilgani sababli, ishtirokchilar real sharoitda ro‘yxatga olish jarayonini sinov tariqasida bajarish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

   Ushbu amaliy mashg‘ulotlar 2026-yilda o‘tkaziladigan Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish, shuningdek, mahalla tizimi xodimlarining bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.